NOna tili va adabiyot

Leksikologiya

So‘z va uning ma’nolari: bir va ko‘p ma’noli so‘zlar, o‘z va ko‘chma ma’no, ma’no ko‘chish yo‘llari — ma’ruza va test.

📖 Ma’ruza📝 Mavzu testi (16 ta)

1. Leksikologiya haqida tushuncha

Leksikologiya atamasi yunoncha “lexikos” – so‘z va “logos” – ta’limot so‘zlaridan olingan bo‘lib, so‘z va uning ma’nolari haqidagi ta’limotdir. Leksikologiyada so‘zning lug‘aviy ma’nolari o‘rganiladi.

So‘zning atash ma’nolari

(Leksik ma’no, lug‘aviy ma’no, so‘zning atash ma’nosi)

So‘zlarning asosiy vazifasi nominativ (atash) vazifasidir. So‘zlarning borliqdagi qanday narsa-hodisa, belgi-xususiyat, harakat-holatlarni bildirishi so‘zning atash ma’nolari sanaladi.

Faqat mustaqil so‘zlar atash ma’nosiga ega. Olmoshlar bundan mustasno: ular atash ma’noli so‘zlarga ishora qiladi.

Masalan: daraxt – o‘simlik; shirin – ta’m; qalam – yozuv quroli; bormoq – harakat; kitob – o‘quv quroli. Demak, so‘zdan kishi ongida anglashilgan ma’no lug‘aviy ma’no sanaladi.

2. Bir ma’noli va ko‘p ma’noli so‘zlar

So‘zlar bir ma’noli va ko‘p ma’noli so‘zlarga bo‘linadi.

1. Bir ma’noli so‘zlar. Aniq bir ma’noni ifodalaydigan so‘zlar bir ma’noli so‘zlar sanaladi. Ular 4 xil:

Bir ma’noli so‘zlar monosemantik so‘zlar, bir ma’nolilik hodisasi esa monosemiya deyiladi (yunoncha “mono” – yakka, bir; “sema” – ma’no).

2. Ko‘p ma’noli so‘zlar. Nutqiy jarayonda ikki va undan ortiq ma’noda qo‘llanuvchi so‘zlarga ko‘p ma’noli so‘zlar deyiladi. Masalan:

Ko‘p ma’noli so‘zlar polisemantik so‘zlar, ko‘p ma’nolilik hodisasi esa polisemiya deb yuritiladi.

Bir so‘zning matn mazmunidan kelib chiqib bir necha ma’no ifodalashi tilshunoslikda ko‘p ma’nolilik (polisemiya) deyiladi.

3. So‘zning o‘z va ko‘chma ma’nolari

1. So‘zning nutq jarayoniga bog‘liq bo‘lmagan atash ma’nosi o‘z ma’no deyiladi (ya’ni nutqdan tashqarida ifodalaydigan ma’nosi). O‘z ma’no bosh ma’no, to‘g‘ri ma’no, denotativ ma’no atamalari bilan ham yuritiladi.

2. So‘zning nutq tarkibida boshqa so‘zlarga bog‘lanib hosil qiladigan yondosh ma’nosi ko‘chma ma’no hisoblanadi. Ko‘chma ma’no nutq tarkibida yuzaga keladi (hosila ma’no, konnotativ ma’no deb ham yuritiladi).

So‘z Ko‘chma ma’nodagi qo‘llanishi
Ko‘z uzukning ko‘zi (toshi), buloqning ko‘zi (suv chiqadigan joyi), taxtaning ko‘zi (halqasimon shakl), derazaning ko‘zi (oynasi)
Quloq qozonning qulog‘i, radioning qulog‘i
Burun choynakning burni
Etak ko‘ylak etagi, tog‘ etagi
Og‘iz tandir og‘zi, o‘choqning og‘zi
Qattiq / yumshoq qattiq ovoz, yumshoq ovoz
Toza / o‘tkir qalbi toza, o‘tkir zehn
Olmoq asir olmoq, majburiyat olmoq
Ochmoq yo‘l ochmoq, sir ochmoq
Tirnamoq / yugurmoq qalbini tirnamoq; yuziga tabassum yugurdi

4. So‘z ma’nosining ko‘chish yo‘llari

Ma’no ko‘chishi qanday asosda ro‘yobga chiqishiga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘linadi:

№ Turi Asosi
1 Metafora (yun. “ko‘chirish”) o‘xshashlik
2 Metonimiya (yun. “qayta nomlash”) aloqadorlik
3 Sinekdoxa (yun. “birgalikda anglash”) butun va bo‘lak munosabati
4 Vazifadoshlik (funksiyadoshlik) vazifa bir xilligi
5 Kinoya zid ma’noda qo‘llash

4.1. Metafora

Metafora – bir predmet nomining boshqa predmetga ular o‘rtasidagi ma’lum o‘xshashlik asosida ko‘chishidir. Masalan: odamning og‘zi – tandirning og‘zi.

Narsa va hodisalar o‘rtasidagi o‘xshashlik turli asosda bo‘lishi mumkin:

1. Shakliy o‘xshashlik asosida: odamning qulog‘i – qozonning qulog‘i; jar yoqasi – ko‘ylak yoqasi.

2. Joylashish o‘rni bo‘yicha o‘xshashlik asosida: itning dumi – samolyotning dumi; ko‘ylakning etagi – tog‘ etagi; tog‘ cho‘qqisi – fan cho‘qqisi; odamning boshi – daraxtning boshi.

Umuman, metafora 3 holatda yuz beradi:

1. Narsalar o‘rtasidagi o‘xshashlik asosida: odamning ko‘zi – yog‘ochning ko‘zi, qozonning qulog‘i, ko‘prikning beli.

2. Belgilar o‘rtasidagi o‘xshashlik asosida: sovuq havo – sovuq xabar, iliq munosabat, shirin so‘z, o‘tkir zehn, xira odam, chuqur tekshirmoq, qalbi toza, achchiq haqiqat.

Tuzsiz she’rlarim deb shirindan shirin / Bolalarim yurar oyoq uchida. (Muhammad Yusuf)

3. Harakatlar o‘rtasidagi o‘xshashlik asosida: ipni kesmoq – gapni kesmoq; gapni gapga ulamoq.

Tun o‘z o‘rnini tongga bo‘shatib berdi. Mungli kuy yurakni tirnar edi. Beodob qizning so‘zini onasi tekislab turdi. Yangi binolar qurilishi asossiz ravishda cho‘zib yuborilmoqda.

Demak, metafora o‘xshashlikka asoslanadi.

Metaforani o‘xshatish (tashbeh) san’atidan farqlash kerak. O‘xshatishda -day, -dek, -simon, kabi, singari, yanglig‘, misoli kabi vositalar qatnashadi:

Adashgan it kabi Furqat / Qayon borgum bilolmasman. (Furqat) – bu metafora emas, tashbehga misol.

Quyidagi shaxs nomlari metafora asosida qo‘yilgan: Yo‘lbars, Qoplonbek, Arslon, Bobur, Bo‘riboy, Burgutbek, Lochin, Gulnora, Gulchehra, Feruza, Yoqutoy, Asalxon, Charos, Gilosxon, Ozoda.

4.2. Metonimiya

Metonimiya (yun. “qayta nomlash”) – narsalar o‘rtasidagi makon va zamondagi o‘zaro aloqadorlik asosida birining nomining ikkinchisiga ko‘chishi. Metonimiya quyidagi hollarda ro‘y beradi:

1. Asar va muallif orasida: Muqimiyni bir-bir varaqladim (asarini). Bedilni o‘qir edim. Fuzuliyni oldim qo‘limga (devonini).

Lermontovni tashlamadim hech, / So‘ngra qo‘lga oldim Hofizni. / Pushkin menga ko‘rsatar har kech / Yig‘lab turgan bir cherkas qizni. (H. Olimjon)

2. Joy va undagi kishilar orasida: Butun Hirot yig‘ladi (xalq). Birinchilikni bu gal Buxoro olib ketdi. Qishloq nima deydi? Auditoriya sukutda. Shahar uyquda. Zal gurillab kulib yubordi.

3. Son bilan unga tegishli so‘z o‘rtasida: 20 ga kirdim (yoshga). 10-da boraman (dekabrda). 95 damladim (choy).

4. Idish va undagi narsa o‘rtasida: Bir kosa yedim (ovqat). Bir stakan ichdim (suv). Dasturxonga qarang (yegulik). Hammani og‘ziga qaratdi (gapiga).

5. Qo‘shtirnoq ichida yoziluvchi atoqli otlar va ularga tegishli narsalar o‘rtasida: “Hamza”ga bordik (kinoteatr). “Navoiy”ni kechadan beri ko‘tarib yuribman (roman). Mabodo “Besh bolali yigitcha” kelmadimi? (roman). Bolalar uchun eng yaxshisi – “G‘uncha” (jurnal).

Volt, amper, rentgen kabi atamalar, xosiyatxon, rizamat, hojimatov (uzum navlari) kabi nomlar kashfiyotchilar nomi bilan aloqadorlikda nomlangan.

Metonimiyaga misollar: Samovarda osh yedik (choyxonada). Ichak-chavog‘im tugadi, endi kalla sotaman (qassob nutqidan). Navbatim sumka ko‘targan “jinsi”dan keyin. Biz Farmon kampirning uyiga radiodan keldik (korxonadan). Mehmon kelib kasalning oyog‘iga o‘tirdi (oyoq tomoniga).

Demak, metonimiya narsalar o‘rtasidagi aloqadorlikka asoslanadi.

Quyidagi kishi ismlari metonimiya asosida qo‘yilgan: Juma, Odina, Hayit, Qurbon, Ramazon, Navro‘z, Bahora, Bozorboy.

4.3. Sinekdoxa

Sinekdoxa (yun. “birgalikda anglash”) – bo‘lak orqali butunni yoki, aksincha, butun orqali bo‘lakni ifodalash.

1. Bo‘lak orqali butun: tirnoqqa zor (farzand). To‘qqiz og‘izni qanday boqaman? Jingalak soch burilib qaradi. Eshitgan quloq nima deydi? Uyimiz besh tom narida (uy). Tuyoqlarimiz soni mingtaga yetdi (mol, hayvon). Men qilurman sajda egma qoshima (yor). Cho‘loqqa achinish bilan qaramoq. Mo‘ylovni majlisga chaqirib kelmoq. G‘ildirakni yurgizmoq (arava, mashina).

Shuningdek, mumtoz she’riyatda oy yuz, oq bilak, sarv qad, qaro ko‘z kabi birikmalarning yor, dildor ma’nosida ishlatilishi ham sinekdoxaga misol bo‘la oladi. O‘zbek tilida meva nomi orqali daraxtni ifodalash ham sinekdoxaning shu turiga kiradi: O‘rikni bobom ekkan (daraxt).

2. Butun orqali bo‘lak: Boshim oqardi (soch). Olma archayotib qo‘lini kesib oldi (barmoq). Besh qo‘l barobar emas (barmoq). Eshik buzildi (qulf). Osh (“palov” ma’nosida).

4.4. Vazifadoshlik

Vazifadoshlik (funksiyadoshlik) – narsalar o‘rtasidagi vazifaviy bir xillik asosida birining nomining ikkinchisiga o‘tishi.

Chiroq piligini pasaytirdi. – Ko‘chani chiroqlar yoritib turibdi.

Kamonning o‘qi – miltiqning o‘qi, zambarakning o‘qi. Qushning qanoti – samolyotning qanoti. Odamning tomiri – daraxtning tomiri. Uyning eshigi – mashinaning eshigi. Odamning tishi – arraning tishi. Odamning oyog‘i – stolning oyog‘i.

Siyoh so‘zi ilgari “qora rangdagi suyuqlik”ni ifodalagan bo‘lsa, hozirda har qanday rangdagi yozuv suyuqligini ifodalaydi (vazifasi – yozish).

Sekinroq gapiring, aylanay, devorning ham qulog‘i bor. Askarlarimiz Vatanimiz sarhadlarini ko‘z bo‘lib, quloq bo‘lib tun-u kun sergaklik bilan qo‘riqlamoqdalar. Xush xabarni do‘stlarimga yetkazish uchun oyoq bo‘lib yugurdim. Guruhimizning birlashishi uchun unga bir bosh kerak bo‘ldi.

Shuningdek, kinoya va tag ma’no kabi ma’no ko‘chishi yo‘llari ham mavjud.

4.5. Kinoya

Kinoya – so‘zni aks (teskari) ma’noda qo‘llash usuli. Kinoyaviy so‘z va birikmalar yozuvda qo‘shtirnoqqa olinadi.

1. “Matematik” o‘rtog‘im rosa terladi.

2. Bizni “homiy”lardan o‘zing asragin.

3. Xo‘sh, janobi oliylari, qaysi sho‘rlik xalq Sizning “himoyangiz”ga qolmish muntazir?!

4. Usmon g‘azablanar, bunday paytda bisotidagi so‘zlardan “eng chiroyli”sini aytgisi kelardi.

4.6. Tag ma’no

Tag ma’noda so‘z yoki gapning asl mazmuni ochiq aytilmay, yashirin ifodalanadi:

– Sizga tegguncha alvastiga tegsam bo‘lmasmidi? – Afsuski, yaqin qarindoshlar o‘rtasida nikoh man qilingan.

– Buncha qimmat, eshagi bilanmi? – Eshak siz.

5. Mashq: ma’no ko‘chish turlarini aniqlang

Topshiriq. Quyidagi gaplar aralash tartibda berilgan. Har bir gapdagi ma’no ko‘chish turini (metafora, metonimiya, sinekdoxa, vazifadoshlik yoki kinoya) aniqlang va chiziq ustiga yozing. Javoblar shu bo‘lim oxirida berilgan.

1. Oydin kechada ko‘l yoqasida sayr etishni xush ko‘rardim. — ____________________

2. Boshim oqarib qoldi. — ____________________

3. Rahmi kelib bulutning, yig‘lab to‘kar yoshini. — ____________________

4. Begona oyoqlar paydo bo‘ldi. — ____________________

5. O‘z jigaring senga shunday deb tursa, qayoqqa ham borarding. — ____________________

6. “Shota Rustaveli”da yashayman. — ____________________

7. Stolning oyog‘i sinib qolibdi. — ____________________

8. Bu palaklar nega o‘ldi? — ____________________

9. Uyimizda uchta tuyoq bor. — ____________________

10. Sakkiz yildan beri tirnoqqa zormiz. — ____________________

11. Eshikka kiring, aka, choy-poy ichib keting. — ____________________

12. Samolyotning qanoti pishiq materialdan ishlangan. — ____________________

13. Chorvam bor desa deguday, tuyog‘imiz ko‘paygandan ko‘paygan. — ____________________

14. Mungli kuy yurakni tirnar edi. — ____________________

15. “Zarba” zarbaga uchradi. — ____________________

16. Tushirilgan molning isini chiqarmadi. — ____________________

17. Ul qaro ko‘z ko‘zlariga surma bejo tortadur. — ____________________

18. Cho‘loqqa achinish bilan qaradi. — ____________________

19. Bir piyola ichdim. — ____________________

20. Hoy, qizil shapkacha, qayoqqa ketyapsan? — ____________________

6. So‘zlarning shakl va ma’no munosabatiga ko‘ra turlari

Bunga ko‘ra so‘zlar 4 turga bo‘linadi:

1. Sinonimlar 2. Antonimlar 3. Omonimlar 4. Paronimlar
shakli har xil, ma’nosi bir xil (yaqin) shakli har xil, ma’nosi zid shakli bir xil, ma’nosi har xil shakli yaqin, ma’nosi har xil

6.1. Sinonimlar (ma’nodosh so‘zlar)

Tilimizda bir ma’noni bir necha so‘z yoki qo‘shimcha yordamida ifodalash mumkin.

Bir umumiy ma’noga ega bo‘lgan so‘zlar yoki qo‘shimchalarga sinonimlar deyiladi.

1. So‘z maqomidagi sinonimlar leksik (lug‘aviy) sinonimlar deyiladi: ko‘klam – bahor; amr – farmon – buyruq; o‘t – olov; ko‘k – osmon – samo – falak.

Lug‘aviy sinonimlar bir umumiy ma’noni bildirsa ham, ma’no darajasi, ijobiy yoki salbiy bahoga egaligi, ma’lum uslubga xoslanishi bilan bir-biridan farqlanadi. Nutqiy jarayonda so‘zlovchi o‘z maqsadiga muvofiq sinonimlar qatoridagi so‘zlardan birini tanlaydi. Masalan, oraz, uzor, ruxsor, chehra so‘zlarida ijobiy baho, oraz, uzor, ruxsor so‘zlarida badiiy uslubga xoslanish belgisi mavjud. Bet – aft – bashara – turq so‘zlarida salbiy bo‘yoqdorlik mavjud (betga nisbatan aftda salbiy baho kuchliroq, turqda esa hammasidan kuchliroq; demak, salbiylik betdan turqqa tomon darajalanib borgan).

2. Qo‘shimcha maqomidagi sinonimlar affiksal sinonimlar deyiladi: tilchi – tilshunos, dardli – dardchil, o‘rinsiz – beo‘rin, serhafsala – hafsalali, itoatli – itoatkor, aravachi – aravakash, paxtachi – paxtakor, unumli – unumdor, odobli – baodob.

Ikki yoki undan ortiq ma’nodosh so‘z sinonimik qator (sinonim uyasi)ni tashkil qiladi. Sinonimik qatorda dominanta so‘z bo‘lib, u so‘zlovchining har qanday munosabatidan xoli, uslubiy jihatdan betaraf so‘zdir. Masalan, yuqoridagi yuz – chehra – bet – aft – bashara – turq qatorida yuz so‘zi dominanta hisoblanadi.

Ma’nodosh so‘zlarda umumiy va xususiy ma’nolar. Ma’nodosh so‘zlar bir umumiy ma’noni ifodalasa ham, shu ma’noni qanday ifodalashi jihatidan bir-biridan farq qiladi. Masalan, so‘zlamoq – gapirmoq – shivirlamoq – baqirmoq – bo‘kirmoq – ming‘irlamoq – vaysamoq – javramoq – irod qilmoq – bayon etmoq qatoridagi so‘zlar “so‘zlamoq” umumiy ma’nosiga ko‘ra bir xil, biroq xususiy ma’nolari bilan farqlanadi:

1. shivirlamoq, gapirmoq, pichirlamoq, baqirmoq so‘zlari ovozning baland-pastligiga ko‘ra farqlanadi;

2. to‘ng‘illamoq, ming‘irlamoq, vaysamoq, javramoq so‘zlari salbiy bahoga egaligi bilan farqlanadi;

3. irod etmoq, bayon etmoq so‘zlari kitobiy uslubga xosligi bilan farqlanadi.

Sinonimlik hodisasi bir so‘z turkumi doirasida yuz beradi.

Turkum Sinonimlar
Ot muallim – ustoz – murabbiy – o‘qituvchi; zafar – g‘alaba – yutuq – muvaffaqiyat; bahs – munozara – tortishuv; sovg‘a – hadya – tortiq – in’om – tuhfa; yurt – diyor – vatan; dushman – g‘anim – yov; qobiliyat – iqtidor – iste’dod; shamol – yel – shabada – sabo – nasim
Sifat ziyrak – hushyor – sezgir; yaxshi – binoyi – tuzuk – durust – soz; issiq – qaynoq – jazirama; ozod – erkin – hur; zaif – nimjon – kuchsiz; tinch – osoyishta – osuda; toza – ozoda – pok; g‘amgin – mahzun – ma’yus; dangasa – tanbal – ishyoqmas; yashirin – pinhon – maxfiy
Fe’l gangimoq – dovdiramoq – esankiramoq – kalovlanmoq; ketmoq – jo‘namoq; istamoq – xohlamoq; yugurmoq – chopmoq; qaramoq – boqmoq – nazar solmoq – nigoh tashlamoq; yemoq – tanovul qilmoq – iste’mol qilmoq
Ravish tayyor – shay – muhayyo – hozir; kam – oz – jindak – qittay; atay – jo‘rttaga – qasddan; piyoda – yayov; sekin – asta – ohista; to‘satdan – qo‘qqisdan – birdan – kutilmaganda
Son ikkidan bir – yarim; to‘rtdan bir – chorak
Olmosh hamma – barcha – bari; allaqanday – qandaydir

Sinonimik qator 2 usulda boyib boradi: 1) ichki imkoniyat asosida; 2) tashqi imkoniyat asosida: amr (arabcha), farmon (tojikcha), buyruq (o‘zbekcha).

Frazeologik sinonimlar (iboralar ma’nodoshligi). “Gapirmaslik, indamaslik” ma’nosida: og‘ziga talqon solmoq, lom-mim demaslik, mum tishlamoq, og‘zida qatiq ivitmoq, og‘iz ochmaslik. “Beparvo, loqayd” ma’nosida: dunyoni suv bossa to‘pig‘iga chiqmaydi, do‘ppisi yarimta, tepsa tebranmas, parvoyi palak.

Leksik-frazeologik sinonimlar (so‘z va ibora o‘rtasidagi sinonimlik): toza – yog‘ tushsa yalagudek; ayyor – ilonning yog‘ini yalagan; quvondi – qo‘yi mingga yetdi.

Shartli (kontekstual) sinonimlar faqat matn ichida ma’nodosh bo‘ladi:

Nega kerak edi shu chiroy, shu o‘t, / Shu yoniq yulduzni ko‘zga yashirmoq?! (H. Olimjon)

Sintaktik sinonimlar – so‘z birikmalari, gaplar doirasidagi sinonimlik: kuz shamoli – kuzgi shamol; Xat yozildi – Xat yozdim.

✎ Sinonimlarga gaplarda 5 ta misol

1. Ko‘klam keldi, bahor nafasi dalalarni uyg‘otdi. (ko‘klam – bahor)

2. Ustozim – mening hayotdagi birinchi murabbiyim. (ustoz – murabbiy)

3. Bu g‘alaba – jamoamizning birgalikdagi zafari. (g‘alaba – zafar)

4. Bola sekin, ohista qadam tashlab xonaga kirdi. (sekin – ohista)

5. Vatan – bu ona yurt, ota-bobolarimiz diyori. (vatan – yurt – diyor)

6.2. Antonimlar (zid ma’noli so‘zlar)

Qarama-qarshi ma’noli so‘z va qo‘shimchalarga antonimlar deyiladi (yun. anti – “zid, qarama-qarshi”, onyma – “nom”).

I. So‘z maqomidagi antonimlar – lug‘aviy (leksik) antonimlar:

Son va olmoshlarda antonimlik munosabati yo‘q.

Antonimlikning 3 sharti bor: 1) shakliy har xillik; 2) ma’noviy har xillik; 3) ma’noviy zidlik.

Quyidagi birliklar antonim bo‘la olmaydi: 1) bo‘lishli va bo‘lishsiz fe’llar: bordi – bormadi, aytdi – aytmadi; 2) ha – yo‘q so‘zlari.

Antonimlik hodisasi ham bir so‘z turkumi doirasida sodir bo‘ladi: yaxshi – yomon (sifat), yaxshilik – yomonlik (ot), yomonlik qil – yaxshilik qil (fe’l).

Zid ma’noli so‘zlar birgalikda qo‘llanib, yangi so‘z hosil qilishi mumkin: yosh-u qari (hamma), achchiq-chuchuk (taom turi), uzoq-yaqindan (hamma yoqdan), kecha-kunduz (doim), kun-u tun (doim), bordi-keldi (qarindoshlik), oldi-berdi (munosabat).

Nutqimizda lug‘aviy antonimlardan foydalanish fikrimizni ta’sirli ifodalashda katta ahamiyatga ega. Antonim so‘zlar vositasida she’riyatda tazod san’ati yuzaga keladi:

Podsho yo‘qlatsalar nogoh, gado deb axtaring. (Muqimiy)

II. Qo‘shimcha maqomidagi antonimlar – affiksal antonimlar: odobli – odobsiz, o‘rinli – noo‘rin, baodob – beodob, boxabar – xabarsiz.

III. Frazeologik antonimlar (iboralar antonimligi): yerga urmoq – ko‘kka ko‘tarmoq; yerga ursa ko‘kka sapchiydi – qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan.

IV. Leksik-frazeologik antonimlar (so‘z va ibora o‘rtasidagi antonimlik): qimmat – suv tekin; uzoq – ikki qadam.

Muayyan so‘z sinonimik qatordagi har bir so‘z bilan alohida antonimlik munosabatini hosil qila oladi: xunuk – chiroyli, go‘zal, barno, suluv, latofatli, ko‘rkli.

Jaloliddin Rumiyning ta’kidlashicha, har qanday narsaning “qimmati” uning ziddi bilan ayon bo‘ladi, ziddi bo‘lmagan narsani ta’riflash imkonsizdir.

✎ Antonimlarga gaplarda 5 ta misol

1. Do‘st achitib gapirar, dushman – kuldirib. (Maqol) (do‘st – dushman)

2. Yaxshidan ot qoladi, yomondan – dod. (Maqol) (yaxshi – yomon)

3. Dehqon kecha-yu kunduz dalada mehnat qildi. (kecha – kunduz)

4. Achchiq haqiqat shirin yolg‘ondan afzal. (achchiq – shirin)

5. Podsho yo‘qlatsalar nogoh, gado deb axtaring. (Muqimiy) (podsho – gado)

6.3. Omonimlar (shakldosh so‘zlar)

Ifoda tomoni bir xil, ammo mazmun tomoni turlicha bo‘lgan so‘z yoki qo‘shimchalarga omonimlar deyiladi.

1. So‘z maqomidagi omonimlar – leksik (lug‘aviy) omonimlar. Masalan: ot – I. hayvon; II. ism; III. irg‘itmoq.

2. Qo‘shimcha maqomidagi omonimlar – affiksal omonimlar. Masalan, -ma: I. ot yasovchi: suzma, tortma, tugma; II. sifat yasovchi: burama, hovliqma, qaynatma, qazilma; III. bo‘lishsizlik shakli: borma, olma, gapirma.

She’riyatda shakldosh so‘zlar vositasida tuyuq janridagi she’rlar yoziladi:

Yoshligingni g‘animat bil, bolam, o‘sib-un, / Chiqarma behuda sado hamda un. / Ko‘r, quyosh tig‘i va tegirmonda / Ezilib so‘ng aziz bo‘ldi bug‘doy – un.

Bunim yo‘q, unim yo‘q, / Uyimda unim yo‘q. / Ishimda unum yo‘q, / Aytishga unim yo‘q. (Kamiy)

Qo‘lingdan kelguncha chiqar yaxshi ot, / Yaxshilik qil, bolam, yomonlikni ot. / Nasihatim yodingda tut, dilbandim, / Yolg‘iz yursa chang chiqarmas yaxshi ot. (“Ravshan” dostonidan)

Shakldosh so‘zlar xalq og‘zaki ijodida – askiya, payrovda muhim vosita sanaladi. She’riyatda esa tajnis (jinos) san’atini yuzaga keltiradi. Masalan: Bizni ishkam joyga yetaklang. Bu yerda ishkam so‘zi 2 ma’noda qo‘llangan: 1) ishkom – tok ko‘tarib turadigan moslama; 2) ish kam – ish oz.

Ko‘p ma’noli so‘z va shakldosh so‘zning farqi:

1. Ko‘p ma’noli so‘z nechta ma’noga ega bo‘lmasin, bir so‘zning turli ma’nolari sanaladi va ma’nolar o‘rtasida bog‘lanish bo‘ladi: qochoqni tutmoq – ro‘za tutmoq – parda tutmoq; chetdan qaramoq – daryoning cheti – chet mamlakat. Omonimlar o‘rtasida esa hech qanday ma’no bog‘lanishi mavjud emas: ot – I. hayvon; II. ism; III. harakat. Shakldoshlik turli tillardan o‘zlashgan so‘zlar doirasida ham uchraydi: bog‘ I – mevazor (tojikcha); bog‘ II – dasta (o‘zbekcha).

2. Ko‘p ma’nolilik hodisasi bir turkum doirasida sodir bo‘ladi: uzukning ko‘zi, derazaning ko‘zi, buloqning ko‘zi (ot).

3. Ko‘p ma’noli so‘z ma’nolari o‘rtasidagi bog‘lanish yo‘qolishi natijasida ko‘p ma’noli so‘z shakldosh so‘zga aylanishi mumkin: ko‘k – I. rang; II. osmon. Gap – I. muomala vositasi; II. ziyofat. Dam – I. nafas; II. vaqt; III. hordiq; IV. temirchilik asbobi.

Shakldosh so‘zlar 1, 2 va 3 so‘z turkumi doirasida shakldoshlik munosabatini hosil qilishi mumkin.

I. Bir turkum doirasidagi shakldoshlar:

So‘z Ma’nolari
Bog‘ I. chorbog‘ (ot); II. dasta (ot)
To‘r I. tuzoq (ot); II. uyning yuqori qismi (ot)
Qovoq I. o‘simlik; II. ko‘z ustidagi teri qatlami
Nota I. musiqiy atama; II. diplomatik murojaatnoma
Palata I. parlament palatasi; II. kasalxona palatasi
Dunyo I. jahon; II. boylik
Mol I. hayvon; II. mahsulot
Rux I. kimyoviy element; II. shaxmat donasi
Davlat I. siyosiy tashkilot; II. boylik
O‘rmoq I. sochni o‘rmoq; II. o‘tni o‘rmoq
Chopmoq I. yugurmoq; II. maydalamoq
Yutmoq I. yemoq; II. g‘olib chiqmoq
Suzmoq I. suvda suzmoq; II. ovqatni suzmoq; III. shoxi bilan suzmoq

Demak, bir so‘z turkumi doirasida yuz beradigan shakldoshlik asosan ot yoki fe’l turkumi doirasida sodir bo‘ladi.

II. Ikki turkum doirasidagi shakldoshlar:

So‘z Ma’nolari
Yosh I. umr hisobi (ot); II. yoshi kichik (sifat); III. ko‘z yoshi (ot)
Ot I. irg‘it (fe’l); II. ism (ot); III. hayvon (ot)
Soz I. yaxshi (sifat); II. cholg‘u asbobi (ot)
O‘t I. maysa; II. olov; III. a’zo (ot); IV. o‘tmoq (fe’l)
Yot I. yotmoq (fe’l); II. begona (sifat)
Tush I. uyqudagi holat (ot); II. kunning o‘rtasi (ot); III. tushmoq (fe’l)
Toy I. hayvon (ot); II. toymoq (fe’l)
In I. uya (ot); II. qo‘nmoq (fe’l)
Qil I. soch tolasi (ot); II. bajarmoq (fe’l)

III. Uch turkum doirasidagi shakldoshlar:

So‘z Ma’nolari
O‘ch I. qasos (ot); II. o‘chmoq (fe’l); III. ruju qo‘ygan – mol-u dunyoga o‘ch (sifat)
Kech I. kech kirdi (ot); II. bemahal (ravish); III. kechmoq (fe’l)
Terma I. janr (ot); II. terma jamoa (sifat); III. termoq fe’lining bo‘lishsiz shakli (fe’l)
Qirq I. son; II. kesmoq (fe’l); III. marosim (ot)
Uch I. son; II. uchmoq (fe’l); III. narsaning uchi (ot)
Tik I. vertikal (sifat); II. tikmoq (fe’l); III. qalin mato (ot)
Qiziq I. g‘aroyib (sifat); II. qiziqmoq (fe’l); III. modal so‘z: Qiziq, ular qayga ketishgan ekan?

Iboralar o‘rtasidagi shakldoshlik (frazeologik omonimlar):

Tasviriy ifodalar o‘rtasidagi shakldoshlik: qora oltin – I. neft; II. ko‘mir. Aql gimnastikasi – I. matematika; II. shaxmat. Bahor elchisi – I. qaldirg‘och; II. boychechak. Asr vabosi – I. OITS; II. giyohvandlik. Samo lochini – I. samolyot; II. uchuvchi.

✎ Omonimlarga gaplarda 5 ta misol

1. Yaxshilik qil, bolam, yomonlikni ot. – Yolg‘iz yursa chang chiqarmas yaxshi ot. (ot I – fe’l; ot II – hayvon)

2. Onaning ko‘zidan quvonch yoshi oqdi. – U hali yosh bola. (ot – sifat)

3. Bog‘da gullar ochildi. – Bozordan bir bog‘ ko‘kat oldim. (mevazor – dasta)

4. Qushlar janubga uchib ketdi. – Uch kun dam oldik. (fe’l – son)

5. Dutor – mening sevimli sozim. – Ishlaringiz doim soz bo‘lsin. (cholg‘u asbobi – yaxshi)

6.4. Paronimlar (talaffuzdosh so‘zlar)

Talaffuzi va yozilishi bir-biriga yaqin, ammo ma’nosi turlicha bo‘lgan so‘zlar paronimlar deyiladi (yun. para – yonidagi, onyma – nom).

1-so‘z (ma’nosi) 2-so‘z (ma’nosi)
adl (esk. adolat) adil (tik, to‘g‘ri)
azm (qat’iy qaror, jur’at) azim (buyuk, katta)
ahl (esk. aholi): ilm ahli ahil (inoq, totuv)
arkon (ustun; davlat arkonlari) arqon (ip)
asl (tub, tag) asil (haqiqiy, sara)
adib (yozuvchi) adip (ko‘rpa, to‘n kabilarning cheti)
ayon (ma’lum) a’yon (podshoning yaqin mulozimlari)
afzal (a’lo, ustun) abzal (otning egar-jabdug‘i)
asr (100 yil) asir (bandi)
amir (o‘tmishdagi davlat rahbari) amr (farmon)
burj (astronomiya: yulduz turkumi) burch (vazifa)
bob (qism, paragraf) bop (mos, munosib)
borliq (bizni o‘rab turgan olam) borlik (mavjudlik)
bo‘shliq (joy) bo‘shlik (holat)
bazur (huzur qilib, bemalol) bazo‘r (zo‘rg‘a)
ganj (esk. xazina) ganch (qurilish ashyosi)
darz (yoriq) dars (mashg‘ulot)
dalil (isbot) dadil (ishonch bilan)
da’vo (shikoyat, arz) davo (shifo)
darra (o‘tmishdagi jazo quroli) dara (ikki tog‘ orasidagi yer)
diplomat (elchi) diplomant (diplom himoya qilayotgan kishi)
daho (buyuk iste’dod egasi) daha (shaharning hududiy qismi)
dovon (oshuv) devon (she’rlar to‘plami; idora)
judo (ayri) juda (rosa)
jayron (kiyik turi) jiyron (qizg‘ish-malla tusli ot)
kompaniya (korxonalar birlashmasi) kampaniya (vaqtinchalik tadbirlar majmui: saylov kampaniyasi)
kuy (musiqa) ko‘y (ko‘cha, mahalla)
nufuz (obro‘) nufus (esk. aholi)
nasha (giyohvand modda) nash’a (huzur, halovat)
otalik (ota bo‘lish) otaliq (homiylik)
paqir (chelak) faqir (kambag‘al)
rosa (juda) raso (yetuk): qaddi raso
ramz (simvol, belgi) razm (qarash, nigoh)
rux (element; shaxmat donasi) ruh (jon, ruhiyat)
sado (ovoz, tovush) sada (daraxt)
sur’at (tezlik): terim sur’ati surat (rasm)
san’at (ijod turi) sanat (sanamoq fe’lidan)
soda (kukun) sodda (jo‘n, oddiy)
soliq (to‘lov) solih (yaxshi, taqvodor)
siqim (bir hovuch) sig‘im (hajm)
sirop (shirin suyuqlik) serob (mo‘l-ko‘l)
tanbur (cholg‘u asbobi) tambur (poyezd vagonining chiqish bo‘lmasi)
traktor (texnika) traktir (o‘tmishda Rossiyadagi qahvaxona)
ta’na (dashnom) tana (gavda; ikki yashar urg‘ochi mol)
to‘fon (bo‘ron) to‘pon (kepak, qipiq)
uxlamoq (uyquga ketmoq) uhlamoq (uh tortmoq)
xiyla (ancha, sal) hiyla (nayrang)
qayd (ro‘yxatga olish) qayt (qaytmoq fe’li)
qism (bo‘lak) qisim (siqim): bir qisim tuproq
quyulmoq (quyuqlashmoq) quyilmoq (quymoq fe’lining majhul nisbati)
qal’a (mustahkam inshoot) qala (qalamoq fe’li)
qarib (keksayib) qariyb (salkam, deyarli)
yondosh (parallel): yondosh chiziqlar yondash (yaqinlash): Yaxshiga yondash
yot (begona) yod (xotira; kimyoviy element)
yolqin (alanga) yorqin (ravshan)
yoqilg‘i (o‘tin, ko‘mir) yonilg‘i (benzin, gaz)
yog‘du (nur, ziyo) yog‘di (yog‘moq fe’li)
urush (jang) urish (urmoq fe’li)
qurt (hasharot) qurut (sut mahsuloti)
qat’i nazar (qaramasdan) qat’iy (o‘zgarmas, keskin)
✎ Paronimlarga gaplarda 5 ta misol

1. Bu bino ikki asr oldin qurilgan. – Jangda dushman askari asir olindi. (asr – asir)

2. Vatanni himoya qilish – har bir fuqaroning burchi. – Osmonda o‘n ikki burj bor. (burch – burj)

3. Shifokor bemorga davo topdi. – Uning da’vosi asossiz chiqdi. (davo – da’vo)

4. Hovlida ulkan sada daraxti o‘sardi. – Uzoqdan qo‘ng‘iroq sadosi eshitildi. (sada – sado)

5. Devorda chiroyli surat osig‘liq turibdi. – Paxta terish sur’ati oshdi. (surat – sur’at)

6.5. Dubletlar (variantdosh so‘zlar)

Dubletlarni paronimlardan farqlash kerak. Dubletlar – bir so‘zning ikki xil shakli sifatida qaraladigan birliklar; ularning ma’nosi bir xil bo‘ladi.

Dubletlar Dubletlar Dubletlar
adab – odob podsho – podshoh gado – gadoy
shohsupa – shosupa ajdarho – ajdaho darcha – daricha
shohtut – shotut kabutar – kaptar shabada – shabboda
qovurg‘a – qobirg‘a battar – badtar ora – aro
berkinmoq – bekinmoq ustod – ustoz barobar – baravar
nabira – nevara ma’tal – mahtal aroba – arava
✎ Dubletlarga gaplarda misollar

1. Bolalar hovlida bekinmachoq (berkinmachoq) o‘ynashdi.

2. Bobom eski shohsupada (shosupada) choy ichib o‘tirardi.

3. Qadimda podsho (podshoh) adolatli bo‘lsa, el farovon yashagan.

7. Qo‘llanilish doirasi chegaralanmagan va chegaralangan so‘zlar

O‘zbek tilidagi so‘zlarni qo‘llanilish doirasiga ko‘ra ikki guruhga bo‘lamiz:

1. Qo‘llanilish doirasi chegaralanmagan so‘zlar. Bunday so‘zlar umumxalq tilida keng qo‘llanilib, ma’nosi barchaga tushunarli bo‘ladi: bug‘doy, un, qor, yomg‘ir, bulut, kitob, daftar, bormoq, kelmoq, besh, olti, kecha, bugun. Bunday so‘zlar neytral (betaraf) leksika atamasi bilan ham yuritiladi.

2. Qo‘llanilish doirasi chegaralangan so‘zlar. Muayyan hudud yoki ma’lum ijtimoiy guruh vakillari doirasida qo‘llanadigan so‘zlar. Ular 2 ga bo‘linadi: 1) hududiy chegaralangan so‘zlar (dialektizmlar); 2) ijtimoiy chegaralangan so‘zlar (argo va jargonlar).

Hududiy chegaralangan so‘zlar (dialektizmlar)

Qo‘llanilishi ma’lum hudud bilan chegaralangan, shu yerda yashovchi aholi nutqiga xos bo‘lgan so‘zlar dialektizmlar deyiladi. Shevalar va lahjalarni o‘rganuvchi tilshunoslik sohasi dialektologiya (shevashunoslik) deb yuritiladi.

Shevashunoslikda lahja atamasi bir-biriga fonetik, leksik, morfologik jihatdan yaqin bo‘lgan shevalar yig‘indisini ifodalaydi. O‘zbek shevalari 3 ta lahjani hosil qiladi: 1) qarluq; 2) qipchoq; 3) o‘g‘uz.

1. Qarluq lahjasi O‘zbekistonning shahar hududlari shevalarini o‘z ichiga oladi. Fonetik va morfologik xususiyatlari:

Hozirgi o‘zbek adabiy tiliga qarluq lahjasiga kiruvchi Toshkent–Farg‘ona shevalari asos qilib olingan: fonetik jihatdan – Toshkent shevalari, morfologik jihatdan – Farg‘ona shevalari.

Qarluq shevalari leksikasiga misollar: Buxoroda: inak (sigir), gavora (beshik), kallapo‘sh (do‘ppi), mo‘rcha (chumoli); Farg‘onada: dovuchcha (g‘o‘ra), shoti (narvon); Andijonda: eshik (hovli).

2. Qipchoq lahjasi asosan O‘zbekistonning qishloq hududlari shevalarini o‘z ichiga oladi. Xususiyatlari:

Qipchoq lahjasi leksikasidan: uy (sigir), qalpoq (do‘ppi), qumursqa (chumoli).

3. O‘g‘uz lahjasi vakillari Xorazm viloyatining janubiy qismi va Buxoro viloyatining Qorako‘l, Olot tumanlari hududida yashaydi. Xususiyatlari:

Xorazm shevalari leksikasidan: yop (ariq), uchak (tom), zangi (narvon), churak (non), gashir (sabzi), yumurta (tuxum), takya (do‘ppi), doyi (tog‘a), qarinja (chumoli).

Sheva so‘zlari o‘zbek tili leksikasining boyishida ichki manba sanaladi.

Ijtimoiy (sotsial) chegaralangan so‘zlar

1. Argolar – ayrim tabaqa vakillari nutqida ishlatiladigan, boshqalarga tushunarsiz so‘zlar. Masalan, otarchilar argosi: danap (qiz bola), yakan (pul); temiryo‘l kuzatuvchilari argosi: kolxoz (chiptasiz yo‘lovchi), qaychi (taftishchi). Argolarning bir qismi umumtil leksikasidan olingan bo‘lishi mumkin: qaychi, kolxoz.

2. Jargonlar – ayrim kishilar nutqida qo‘llanadigan, o‘zini boshqalardan ajratib ko‘rsatishga xizmat qiladigan so‘zlar: olampanoh, volidayi muhtarama, padari buzrukvor, manzirat qilmoq.

3. Vulgarizmlar – tildagi so‘kish, qarg‘ish ma’noli qo‘pol so‘zlar: yashshamagur, la’nati, razil.

4. Varvarizmlar – o‘zbek tiliga yot bo‘lgan chet so‘zlar: da, davay, tak, znachit. Adabiy tilda bunday so‘zlarni ishlatish man etiladi.

8. Eskirgan so‘zlar va yangi so‘zlar

So‘zlarning eskirishi ikki usulda amalga oshadi:

1. So‘z eskiradi, tushuncha saqlanadi. Natijada so‘z iste’moldan chiqib ketadi. Bunday so‘zlar eskirgan (arxaik) so‘zlar deyiladi: ochun (dunyo), osig‘ (foyda), ilik (qo‘l), bitig (kitob).

2. So‘z o‘zi ifodalagan tushuncha bilan birgalikda eskiradi. Bunday so‘zlar tarixiy so‘zlar (istorizmlar) deyiladi: paranji, omoch, charx, chig‘iriq, amir, xon, sovut, xiroj, ushr, pud, botmon.

Eskirgan so‘zlarning o‘rnida hozirgi kunda boshqa sinonimi ishlatiladi, tarixiy so‘zlarning esa sinonimi mavjud emas. Tarixiy so‘zlardan badiiy asarlarda davr ruhini aks ettirish maqsadida foydalaniladi.

Eskirgan so‘zlar (arxaizmlar) lug‘ati:

Arxaizm Hozirgi muqobili Arxaizm Hozirgi muqobili
talim bir qancha o‘z jon, vujud
o‘kush ko‘p ko‘ch urug‘, zot
art tepa, dovon ochun dunyo
bo‘gu dono ilik qo‘l
batsiq g‘arb yag‘i dushman
uchmoh jannat tamug‘ do‘zax
cherik askar, qo‘shin bitig kitob

Yangi so‘zlar (neologizmlar). Tilimizda yangilik belgisiga ega bo‘lgan so‘zlar neologizmlar (yun. neo – yangi) deyiladi: bakalavr, magistr, senator, birja, broker, internet, printer, skaner, kollej, litsey, diler, fermer xo‘jaligi, tadbirkor, “sichqoncha” (kompyuter qurilmasi).

9. Atamalar (terminlar)

Ilm-fan yoki muayyan soha doirasida aniq bir tushunchani ifodalash uchun ishlatiladigan so‘zlar atama (termin) deyiladi. Atamalar qo‘llanilishiga ko‘ra ikkiga bo‘linadi: 1) ilmiy atamalar; 2) kasbiy atamalar (professionalizmlar).

Ilmiy atamalar – biror fan doirasida aniq bir tushunchani ifodalaydigan so‘zlar:

Tilshunoslik bo‘limlariga doir atamalar: fonetikaga oid – nutq tovushi, urg‘u, bo‘g‘in, unli, undosh, jarangli, portlovchi, ohang; grafikaga oid – harf, yozuv, alifbo; orfografiyaga oid – fonetik yozuv, morfologik yozuv, qo‘shib yozish, chiziqcha bilan yozish; leksikologiyaga oid – ma’no ko‘chishi, metafora, sinekdoxa, sinonim, atama, dialektizm; morfologiyaga oid – so‘z turkumlari, grammatik shakl, kelishik, egalik, turlanish, tuslanish; sintaksisga oid – so‘z birikmasi, bitishuv, boshqaruv, moslashuv, ega, kesim, to‘ldiruvchi.

Kasbiy atamalar (professionalizmlar) – biror kasb, soha doirasida aniq bir tushunchani ifodalaydigan so‘zlar: etikdo‘zlikda – qolip, charm, andoza; suvoqchilikda – andava, chaplama; to‘qimachilikda – ip, kalava, yigirmoq; dehqonchilikda – egat, pushta, jo‘yak, yagana, chekanka.

Atamalarning hosil bo‘lishi. Atamalar ikki usulda hosil qilinadi:

1. Umumxalq tilidagi so‘zlarning ma’nosini maxsuslashtirish yo‘li bilan: ot, sifat, son, fe’l, ildiz, qo‘shuv, ayiruv, ko‘paytiruv. Natijada bunday so‘zlar fan sohasida bir ma’noni, umumxalq tilida boshqa ma’noni ifodalayveradi.

2. Boshqa tillardan atama olish yo‘li bilan: kasr, musbat, manfiy (arabcha), fonetika, sintaksis, morfologiya (yunoncha).

Atamashunoslik muammolari. Atamalarni tartibga solish bilan atamashunoslik (terminologiya) sohasi shug‘ullanadi; uning o‘rganish birligi atama (termin)dir. Mustaqillikning dastlabki yillarida atamalarni tartibga solish turli yo‘sinda olib borildi:

1. Rus va Yevropa tillaridan kirgan so‘zlar o‘rniga arabcha, fors-tojikcha atamalarni qo‘llash: respublika – jumhuriyat, gazeta – ro‘znoma, samolyot – tayyora, aeroport – tayyoragoh, rayon – nohiya, institut – oliygoh.

2. Atamalarni imkon darajasida milliylashtirish, ya’ni o‘zbek tilining ichki imkoniyatlari asosida muqobil topish; agar topilmasa, atamani o‘zbek tilining fonetik qonuniyatlariga bo‘ysundirgan holda aynan qabul qilish: aksiya – hissa, aksioner – hissador, tamojnya – bojxona, pechat – muhr, rayon – tuman, gimn – madhiya, spravka – ma’lumotnoma; samolyot, vertolyot, bank, kompyuter – o‘zgarishsiz.

Atamalarni tartibga solishning ikkinchi yo‘li istiqbolli ekanligi aniq bo‘ldi va u atamashunosligimizning bosh tamoyiliga aylandi.

10. O‘zbek tili leksikasining boyish manbalari

O‘zbek tili leksikasi ikki manba asosida muntazam boyib boradi.

1. Ichki manbalar asosida:

2. Tashqi manbalar asosida (boshqa tillardan so‘z olish): Mahmud Koshg‘ariy va Alisher Navoiy tilda biror tushunchani ifodalaydigan so‘z bo‘la turib, boshqa tildan so‘z olishni zararli deb hisoblaganlar. Ya’ni tilda biror tushunchani ifodalaydigan so‘z bo‘lmagandagina boshqa tildan so‘z olinishi kerak. Dunyoda so‘z olmasdan rivojlanadigan birorta til yo‘q. Diler, broker, monitoring, internet kabi so‘zlar dunyoning deyarli barcha tillarida bir xil.

Boshqa tillardan kirib kelgan so‘zlar o‘zlashma (olinma) so‘zlar deyiladi. Ular to‘rt guruhga ajratiladi: arab, fors-tojik, rus va boshqa tillardan o‘zlashgan so‘zlar.

Arab tilidan o‘zlashgan so‘zlar

VII–VIII asrlarda arablar istilosidan keyin turkiy tillarga arab tilidan so‘zlar o‘zlasha boshladi va hatto ayrim turkiy so‘zlarni iste’moldan “siqib” chiqardi: bitig o‘rnida kitob, bilga o‘rnida olim so‘zlari kirib keldi.

Arab tilidan so‘zlarning tez o‘zlashishining sabablari: 1) arab madaniyati va islom dinining keng yoyilishi; 2) arab tilini o‘rgangan kishilarning imtiyozlarga ega bo‘lishi; 3) mumtoz adabiyotimizdagi deyarli barcha janrlarning, shuningdek, aruz vaznining arab adabiyotida vujudga kelgani; 4) arab yozuvining uzoq vaqt (1929-yilgacha) amalda bo‘lishi.

Arabcha so‘zlarning belgilari:

1. ma-, mu-, ta- shakllari bilan boshlanadi: maktab, madrasa, mansab, mukofot, muomala, muhit, tashkil, ta’zim, tasdiq;

2. -at, -ot bilan tugaydi: niyat, tabiat, sihat, shariat, islohot, inshoot, hasharot, najot;

3. ikki unli yonma-yon keladi: muallim, rais, duo, oila, doim, shuur, soat, muammo;

4. qator undoshlar bir bo‘g‘inda keladi: ilm, asr, azm, ishq, afv, uzr, ahl, asl, adl, fikr, zikr;

5. tutuq belgili so‘zlarning ko‘pchiligi arabchadir: she’r, ma’no, mas’ul, ma’rifat, sur’at, san’at, ta’m;

6. arabcha so‘zlarda p, g, ch, j tovushlari uchramaydi;

7. arab tilida o‘zak tarkibidagi undoshlar saqlanib, unlilar o‘zgarishi orqali turli so‘zlar hosil qilinadi: xabar – muxbir; ilm – olim – muallim – ta’lim; dars – madrasa – mudarris; zikr – tazkira – mazkur; sinf – tasnif; shakl – tashkil – mushkul; kitob – maktub – maktab – kotib; g‘alaba – g‘olib – mag‘lub; zulm – zolim – mazlum; sidq – sodiq – tasdiq – sadoqat; jabr – jabbor – majbur.

Fors-tojik tilidan o‘zlashgan so‘zlar

Belgilari:

1. p, g, j tovushlari ko‘proq tojikcha so‘zlarda uchraydi: paxta, piyola, poliz, pul, poytaxt, peshona, poyafzal, puxta, go‘sht, gul, barg, gilam, gunoh, oftob, qog‘oz, korxona, sartarosh, bahor, sopol, ajdar;

2. qator undoshlar (sht, st, rg, rd, xt, nd) so‘z oxirida keladi: go‘sht, dasht, g‘isht, past, sust, barg, dard, mard, baxt, daraxt, taxt, baland, farzand, qand;

3. asos tarkibida ikki unli yonma-yon qo‘llanmaydi;

4. tojikcha so‘zlar o‘zbekcha so‘zlar bilan sinonimik qator hosil qiladi, shuning uchun qiyoslash asosida ham aniqlash mumkin:

Tojikcha O‘zbekcha Tojikcha O‘zbekcha
chorpoya so‘ri bahor ko‘klam
oftob quyosh dasta sop
kissa cho‘ntak peshona manglay
nihol ko‘chat jild muqova
olov o‘t farzand bola
osmon ko‘k farmon buyruq
chopon to‘n go‘sht et

Tojikcha so‘z va qo‘shimchalar o‘zbek tilida yasama so‘zlar, juft so‘zlar tarkibida ham qo‘llanmoqda: qonxo‘r, boshpana, baxt-saodat, qahr-g‘azab, shirinso‘z, to‘y-tomosha, sog‘-salomat.

Rus tilidan va boshqa tillardan o‘zlashgan so‘zlar

Rus tilidan o‘zlashgan so‘zlar mavzuiy jihatdan ilm-fan, texnika, moddiy turmush bilan bog‘liq. Belgilari:

1. rus tilida o‘, q, g‘, h undoshlari yo‘q, shuning uchun ruscha so‘zlarda bu tovushlar uchramaydi;

2. qator undoshlar so‘z boshida, bo‘g‘in boshida va so‘z oxirida keladi: stol, brigada, prujina, dvigatel, prokuror, sport, transport;

3. ikki unli yonma-yon qo‘llana oladi: okean, vakuum, teorema, aksioma, material, diametr, dialog, teatr.

Boshqa tillardan: inglizcha – futbol, voleybol, kompyuter, gamburger; fransuzcha – vergul, palto, parlament, respublika; nemischa – ofitser, mayor; xitoycha – choy, manti, lag‘mon, shiypon.

Umumturkiy so‘zlar

Umumturkiy so‘zlar hozirgi turkiy tillarning barchasi uchun umumiy bo‘lgan so‘zlar bo‘lib, quyidagi belgilarga ega:

1. asosan bir-ikki bo‘g‘inli bo‘ladi: fe’llar – chiq, tush, kel, ket, bor, ayt, bil, ol; otlar – ost, ust, ich, yon, old, orqa, tub; sonlar – bir, ikki, uch, to‘rt, besh, olti, yetti, sakkiz, to‘qqiz, o‘n, yuz, ming; ravishlar – ko‘p, oz, tez, olg‘a, yayov; olmoshlar – men, sen, u, biz, siz, bu, shu, kim, nima;

2. ikki unli yonma-yon kelmaydi;

3. qator undoshlar deyarli bir bo‘g‘inda kelmaydi (mustasno: lt, rt, st – ost, ust, yilt, qurt, to‘rt);

4. v (lab-tish), f, j (sirg‘aluvchi), h tovushlari va tutuq belgisi uchramaydi;

5. v, f, l tovushlari bilan boshlanmaydi.

11. Nomshunoslik (onomastika)

Onomastika (yun. onoma – nom) – tilshunoslikning atoqli otlar, ularning turlari, nomlanish sabablari kabi masalalar bilan shug‘ullanadigan bo‘limi. Atoqli otlar nomlanuvchi obyekt turiga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘linadi:

1. Antroponimlar (yun. anthropos – odam) – shaxslarga qo‘yilgan nomlar: Karim, Feruza. Shaxs nomlari quyidagi sabablarga ko‘ra qo‘yilishi mumkin: ota-onaning orzu-umidi bilan bog‘liq holda (Baxtiyor, Go‘zal, Umid); bolaning tashqi belgilariga ko‘ra (Qoravoy, Xolida); tug‘ilgan kun bilan bog‘liq holda (Juma, Odina, Bozorboy); xalqning urf-odatlari bilan bog‘liq holda (Bolta, Tesha, O‘roq). Professor Ernst Begmatov 14 600 ism izohiga bag‘ishlangan “O‘zbek ismlari” lug‘atining muallifi.

2. Toponimlar (yun. topos – joy) – geografik obyektlarga qo‘yilgan nomlar. Ular buyuk shaxslar nomini abadiylashtirish maqsadida (Navoiy viloyati), aholining etnik kelib chiqishi yoki kasbiga ko‘ra (Saroy, Qipchoq, Nayman, Qo‘ng‘irot, Etikdo‘zlar), joyning tabiiy sharoitiga ko‘ra (Uchtol, Qatorterak, Yakkatut, Qiziltepa, Mingtepa, Kattaqo‘rg‘on) qo‘yilishi mumkin. Xalqimizda “Ko‘l qurisa ham, uning nomi qurimaydi” degan naql bor: Achchiqko‘l, Oqko‘l, Sho‘rko‘l, Qorako‘l kabi qishloq nomlari aslida suv havzalari nomlari bo‘lgan (gidronim toponimga aylangan).

3. Gidronimlar (yun. hydor – suv) – suv havzalari va inshootlari nomlari: Orol dengizi, Aydarko‘l, Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon, Amu-Buxoro kanali.

4. Zoonimlar (yun. zoon – hayvon) – hayvonlarga qo‘yilgan nomlar: To‘rtko‘z, Bo‘ribosar, G‘irko‘k, Jiyronqush.

12. Tasviriy ifoda (perifraza)

Biror narsa yoki hodisani boshqa bir narsa yoki hodisaga o‘xshatish orqali tasvirlab ifodalovchi birliklar tasviriy ifoda deyiladi.

Tasviriy ifodalar narsa-hodisalarning ikkinchi nomi hisoblanadi: o‘rmon podshosi – sher, oq oltin – paxta, fasllar kelinchagi – bahor. Ular har doim ot turkumidagi so‘zlarga ma’nodosh bo‘ladi va kim?, nima?, qayer? so‘roqlaridan biriga javob bo‘ladi. Tasviriy ifodalar nutqning ta’sirchanligini oshiradi.

Soha Tasviriy ifodalar
Texnika po‘lat ot – traktor; po‘lat qush, samo lochini – samolyot; zangori ekran, oynayi jahon – televizor
O‘simliklar, dehqonchilik baraka urug‘i – chigit; bahor elchisi – boychechak; dala malikasi – makkajo‘xori; o‘rmon malikasi – archa; oq oltin – paxta; oltin boshoq – bug‘doy; kumush choyshab – qor
Shaxslar mo‘yqalam sohiblari – rassomlar; yaylov bahodirlari – cho‘ponlar; salomatlik posbonlari – shifokorlar; charm qo‘lqop ustalari – bokschilar; ko‘zimning nuri – farzand; g‘azal mulkining sultoni – Alisher Navoiy
Hayvon va qushlar qanotli do‘stlar – qushlar; sahro kemasi – tuya; xarobalar sultoni – boyqush; baxt qushi – Humo
Geografik joylar dunyo tomi – Pomir; kunchiqar yurt – Yaponiya; yashil vodiy – Farg‘ona; qora qit’a – Afrika; yashil qit’a – Avstraliya
Tabiiy boyliklar qora oltin – neft, ko‘mir; kumush tola – ipak; yashil boylik – o‘rmon; zangori olov – tabiiy gaz

13. Lug‘aviy birlik tushunchasi

Tilning lug‘aviy (leksik) birliklari deyilganda so‘z va unga teng birliklar tushuniladi:

1. so‘z (sodda so‘z, qo‘shma so‘z, juft so‘z, takroriy so‘z);

2. ibora;

3. tasviriy ifoda.

1. Ibora haqida tushuncha

Ma’no yaxlitligiga ega bo‘lgan, nutqiy jarayonga qadar ikki va undan ortiq so‘zning barqaror munosabatidan tashkil topgan, nutqqa tayyor holda olib kiriladigan ko‘chma ma’nodagi barqaror birikmalarga ibora (frazeologizm) deyiladi.

Iboralarni o‘rganadigan tilshunoslik bo‘limi frazeologiya deyiladi. Tilshunos olim Shavkat Rahmatullayev “O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati”ning muallifi.

2. Iboralarning xususiyatlari

1. Ibora yaxlit holda bir so‘roqqa javob bo‘ladi va gapda bitta gap bo‘lagi vazifasini bajaradi.

2. Iboralar so‘zlar kabi ongimizda saqlanadi va har gal ulardan tayyor material sifatida foydalanamiz.

3. Gapning boshqa bo‘laklari bilan yaxlit bir butun holda sintaktik munosabatga kirishadi.

4. Iborani tashkil etgan so‘zlar frazeologizmning ichki uzvlari sanaladi.

5. Ibora tarkibidagi so‘zlar ma’no mustaqilligini yo‘qotgan holda ishlatiladi: iboraning ma’nosi undagi so‘zlar ma’nolarining oddiy yig‘indisiga teng emas.

6. Ibora tarkibidagi so‘zni boshqasi bilan almashtirib bo‘lmaydi: qo‘yi mingga yetdi o‘rnida qo‘yi yuzga yetdi deyilmaydi.

7. Iboralar nutqqa obrazlilik, ta’sirchanlik va jonlilik baxsh etadi.

Aravani quruq olib qochish evi bilan-da! Uning og‘zining tanobi qochadigan odati bor edi. Traktor g‘o‘zalarni yer bilan yakson qildi. Onaxonning yuziga oyoq qo‘yish bizning axloqimizda yo‘q. Uning ko‘zi yo‘l bo‘yidagi keksa daraxtga tushdi.

Eslatma: “Tulki qiziga to‘y berdi” iborasi shevaga xos (dialektal) ibora bo‘lib, Surxondaryo shevalarida bahorda qor yog‘ib, yerda esa qordan nishon qolmagan paytda ishlatiladi.

3. Iboralarning ma’no munosabatlari

Iboralar doirasida ham so‘zlardagi kabi ma’nodoshlik, zid ma’nolilik, shakldoshlik hodisalari kuzatiladi.

Hodisa Misollar
Ma’nodosh (sinonim) iboralar “indamaslik”: og‘ziga talqon solmoq, mum tishlamoq, lom-mim demaslik, og‘zida qatiq ivitmoq; “beparvo”: dunyoni suv bossa to‘pig‘iga chiqmaydi, parvoyi palak, tepsa tebranmas
Zid ma’noli (antonim) iboralar yerga urmoq – ko‘kka ko‘tarmoq; yerga ursa ko‘kka sapchiydi – qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan; ko‘ngli tog‘dek ko‘tarildi – ko‘ngli cho‘kdi
Shakldosh (omonim) iboralar ko‘z yummoq: I. vafot etmoq; II. ko‘ra turib e’tibor bermaslik. Boshga ko‘tarmoq: I. shovqin qilmoq; II. e’zozlamoq
Ibora va so‘z ma’nodoshligi toza – yog‘ tushsa yalagudek; quvondi – qo‘yi mingga yetdi; arzon – suv tekin; yaqin – ikki qadam
Ibora va so‘z zidligi qimmat – suv tekin; uzoq – ikki qadam

4. Iboralar va ularning ma’nolari

Quyidagi jadvalda eng ko‘p qo‘llanadigan iboralar, ularning ma’nosi va gapdagi qo‘llanishi berilgan.

№ Ibora Ma’nosi Gapda qo‘llanishi
1 og‘zining tanobi qochmoq juda xursand bo‘lmoq A’lo baho olganini eshitib, og‘zining tanobi qochdi.
2 ko‘zi to‘rt bo‘lmoq intiqib kutmoq Ona o‘g‘lining xatini kutib, ko‘zi to‘rt bo‘ldi.
3 qo‘yi mingga yetmoq behad quvonmoq Nabirasi tug‘ilganini eshitib, bobomning qo‘yi mingga yetdi.
4 dili siyoh bo‘lmoq xafa bo‘lmoq Do‘stining nohaq gapidan dili siyoh bo‘ldi.
5 og‘ziga talqon solmoq jim turmoq Savol berishganda, og‘ziga talqon solgandek jim turdi.
6 mum tishlamoq indamaslik Aybini bo‘yniga olishdan qo‘rqib, mum tishladi.
7 qulog‘idan kun ko‘rinmoq juda ozg‘in bo‘lmoq Kasaldan turgach, shunday ozib ketdiki, qulog‘idan kun ko‘rinadi.
8 yerga ursa ko‘kka sapchiydi o‘ta sho‘x, chaqqon Ukam yerga ursa ko‘kka sapchiydigan bola.
9 qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan juda yuvosh Qo‘shnimiz qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan odam.
10 ko‘ziga cho‘p suqmoq aldamoq Sotuvchi xaridorning ko‘ziga cho‘p suqmoqchi bo‘ldi.
11 suv tekin juda arzon Yozda bozorda qovun-tarvuz suv tekin bo‘ladi.
12 xamirdan qil sug‘urganday juda oson U masalani xamirdan qil sug‘urganday yechdi.
13 ichini mushuk tirnamoq ruhan azoblanmoq Bolasi kechikkanidan onaning ichini mushuk tirnardi.
14 kovushini to‘g‘rilab qo‘ymoq haydamoq Odobsiz mehmonning kovushini to‘g‘rilab qo‘yishdi.
15 yog‘ tushsa yalagudek juda toza Onamning oshxonasi yog‘ tushsa yalagudek.
16 dunyoni suv bossa to‘pig‘iga chiqmaydi beparvo, loqayd U shunday odamki, dunyoni suv bossa to‘pig‘iga chiqmaydi.
17 do‘ppisini osmonga otmoq juda quvonmoq G‘alaba xabarini eshitib, hamma do‘ppisini osmonga otdi.
18 tarvuzi qo‘ltig‘idan tushmoq umidi puchga chiqmoq Tanlovdan o‘tolmay, tarvuzi qo‘ltig‘idan tushdi.
19 boshi osmonga yetmoq benihoya xursand bo‘lmoq Ustozining maqtovini eshitib, boshi osmonga yetdi.
20 burnini osmonga ko‘tarmoq kibrlanmoq Bir oz boyigach, burnini osmonga ko‘tardi.
21 tili qichimoq gapirgisi kelmoq Yangilikni aytgisi kelib, tili qichib turardi.
22 ko‘ngli to‘q xotirjam Farzandlari kamolini ko‘rib, ko‘ngli to‘q.
23 yulduzni benarvon uradigan uddaburon, abjir U yulduzni benarvon uradigan yigit.
24 ikki qadam juda yaqin Maktab uyimizdan ikki qadam.
25 tepa sochi tikka bo‘lmoq qattiq g‘azablanmoq Bu gapni eshitib, tepa sochi tikka bo‘ldi.
26 jig‘iga tegmoq achchiqlantirmoq Ukasi doim akasining jig‘iga tegadi.
27 bir yoqadan bosh chiqarmoq hamjihat bo‘lmoq Mahalla ahli bir yoqadan bosh chiqarib, ko‘chani obod qildi.
28 soyasiga salom bermoq xushomad qilmoq U rahbarning soyasiga salom beradi.
29 o‘pkasini qo‘ltiqlamoq hovliqmoq, shoshmoq O‘pkasini qo‘ltiqlab yugurib keldi.
30 ipidan ignasigacha to‘laligicha, mayda-chuydasigacha Voqeani ipidan ignasigacha so‘zlab berdi.

5. Iboralarga gaplarda misollar

1. Imtihon natijasini eshitgan o‘quvchining og‘zining tanobi qochdi.

2. Bobom urushdan qaytgan o‘g‘lini ko‘rib, qo‘yi mingga yetdi.

3. Onasi qizini kutaverib ko‘zi to‘rt bo‘ldi.

4. Ustozning savoliga javob topolmagan bola mum tishladi.

5. Yangi kelgan o‘quvchi qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan bola ekan.

6. Bu masalani u xamirdan qil sug‘urganday yechib tashladi.

7. Bozorda bu yil olma suv tekin bo‘ldi.

8. Bolasining xabari bo‘lmaganidan onaning ichini mushuk tirnardi.

9. Uning uyi yog‘ tushsa yalagudek ozoda edi.

10. Mahalla ahli bir yoqadan bosh chiqarib, hasharga chiqdi.

6. Mashq: gaplardagi iboralarni toping va ma’nosini izohlang

Topshiriq. Gaplardagi iborani toping, uning ma’nosini bitta so‘z yoki so‘z birikmasi bilan izohlang.

1. Do‘stining muvaffaqiyatini ko‘rib, boshi osmonga yetdi. — ____________________

2. Tanlovdan o‘ta olmagan yigitning tarvuzi qo‘ltig‘idan tushdi. — ____________________

3. Bu ishga u parvoyi palak qarab turibdi. — ____________________

4. Sinfdoshim yangi gapni aytgisi kelib, tili qichib turardi. — ____________________

5. Yolg‘onchining ko‘ziga cho‘p suqishiga ishonmang. — ____________________

6. Bekat bu yerdan ikki qadam. — ____________________

7. Akam bu gapdan tepa sochi tikka bo‘lib ketdi. — ____________________

8. Kasallikdan keyin qulog‘idan kun ko‘rinib qolibdi. — ____________________

9. Ukam yerga ursa ko‘kka sapchiydigan bola. — ____________________

10. Voqeani ipidan ignasigacha so‘zlab berdi. — ____________________

Mashq javoblari

№ Ibora Ma’nosi № Ibora Ma’nosi
1 boshi osmonga yetdi juda xursand bo‘ldi 6 ikki qadam juda yaqin
2 tarvuzi qo‘ltig‘idan tushdi umidi puchga chiqdi 7 tepa sochi tikka bo‘ldi qattiq g‘azablandi
3 parvoyi palak beparvo 8 qulog‘idan kun ko‘rinadi juda ozg‘in
4 tili qichib turardi gapirgisi kelardi 9 yerga ursa ko‘kka sapchiydi o‘ta sho‘x
5 ko‘ziga cho‘p suqmoq aldamoq 10 ipidan ignasigacha to‘laligicha
📝

Mavzu yuzasidan test

16 ta savol · javob belgilagach «Testni yakunlash» tugmasini bosing — to‘g‘ri javoblar va natijangiz chiqadi.

Ma’lumotlaringiz — ism (ixtiyoriy)
1.“Leksikologiya” atamasi qaysi tildan olingan va qanday ma’noni bildiradi?
2.Qaysi so‘zlar atash ma’nosiga ega emas, balki atash ma’noli so‘zlarga ishora qiladi?
3.Bir ma’noli so‘zlar necha xil bo‘ladi?
4.Qaysi qatorda faqat atamalar berilgan?
5.Ko‘p ma’nolilik hodisasi tilshunoslikda qanday ataladi?
6.So‘zning o‘z ma’nosi yana qanday atamalar bilan yuritiladi?
7.“Odamning og‘zi – tandirning og‘zi” misolida ma’no ko‘chishining qaysi turi bor?
8.“Muqimiyni bir-bir varaqladim” gapida ma’no ko‘chishining qaysi turi qo‘llangan?
9.“Tirnoqqa zor” (farzand ma’nosida) birikmasida ma’no ko‘chishining qaysi turi bor?
10.“Qushning qanoti – samolyotning qanoti” misolida ma’no qaysi asosda ko‘chgan?
11.Metaforani o‘xshatish (tashbeh)dan nima farqlaydi?
12.Kinoyaviy ma’noda qo‘llangan so‘zlar yozuvda qanday ajratiladi?
13.“Boshim oqardi” (soch ma’nosida) gapida ma’no ko‘chishining qaysi turi bor?
14.Juma, Hayit, Navro‘z, Bahora kabi ismlar ma’no ko‘chishining qaysi turi asosida qo‘yilgan?
15.Yo‘lbars, Lochin, Gulnora, Feruza kabi ismlar qaysi asosda qo‘yilgan?
16.“Butun Hirot yig‘ladi” gapida qanday munosabat asosida ma’no ko‘chgan?